BUXORO AMIRLIGINING TASHKIL TOPISHI: TARIXIY MANZARA VA SIYOSIY OMILLAR
Abstract
XVIII asrning ikkinchi yarmi Movarounnahr tarixida keskin siyosiy beqarorlik, hokimiyat uchun doimiy kurashlar, markazlashgan boshqaruvning izdan chiqishi bilan xarakterlanadi[1]. Bu davrda Ashtarxoniylar sulolasi o‘zining siyosiy salohiyati va boshqaruv quvvatini asta-sekin boy bera bordi. Sulola vakillari o‘rtasidagi nizolar va markaziy hokimiyat uchun bo‘lgan ichki kurashlar oqibatida davlat boshqaruvi falaj bo‘lib qoldi. Ayniqsa, 1740-yillardan keyingi davrda markaziy hukumat amalda o‘z ta’sirini yo‘qotgan edi. Bu tanazzul butun Movarounnahrda, ayniqsa siyosiy va iqtisodiy markazlar – Buxoro, Samarqand, Qarshi kabi shaharlarda chuqur sezildi[2].
[1] Karimov U. Buxoro amirligi davlatchilik tizimi tarixi. – Toshkent: Fan, 2020. – B. 18–20.
[2] Zamonov A., Egamberdiyev A. Buxoro amirligi tarixi (XVIII asr o‘rtalari – XIX asr o‘rtalari). – Toshkent: Tamaddun, 2022. – B. 75.